Maktab o'quvchilarini qabul qilish
1-sinfga qabul boshlandi: ota-onalar uchun muhim 10 savol va javob
Arizalarni onlayn topshirish mumkin bo‘lgan hududlar belgilandi, boshqa joylarda esa hujjatlar qanday qabul qilinadi? Bola o‘zi yaxshi bilmaydigan tilda ta’lim olishi mumkinmi?
1. Bolalarni 1-sinfga qabul qilish faqat onlayn amalga oshiriladimi?
Yoʻq, bolalarni davlat maktablariga 1-sinfga qabul qilish 2 xil usulda amalga oshiriladi:
- maktablar tomonidan roʻyxatga olish;
- onlayn ariza berish orqali.
Har ikkala holatda ham qabul bepul amalga oshiriladi.
1-sinfga onlayn hujjat qabul qilinadigan hududlar har yili Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan 1-maygacha tasdiqlanib eʼlon qilinishi lozim. Bu toifadagi hududlarga asosan shaharlar kiritiladi. Boshqa hududlarda esa bolalarni maktablar tomonidan roʻyxatga olish asosida 1-sinfga qabul amalga oshiriladi.
2. Bola necha yoshdan 1-sinfga qabul qilinadi?
1-sinfga bolalar 7 yoshga toʻladigan yilda qabul qilinadi.
3. Onlayn hujjat topshirish tartibi qanday?
Hujjatlar 20-iyundan 31-iyulgacha my.maktab.uz va my.gov.uz portallari orqali topshiriladi.
Ariza berilayotganda bola oʻqiydigan taʼlim tili tanlanadi. Agar tanlangan maktabda bola oʻqishni istagan til boʻyicha sinf boʻlmasa, bola yaqinroq hududda joylashgan boshqa maktabga biriktiriladi.
4. Ariza qaysi holatlarda rad etiladi?
Ariza 3 kunda koʻrib chiqiladi. Arizaga notoʻgʻri maʼlumotlar kiritilgan boʻlsa (masalan, yashash joyi, bolaning yoshi), ariza rad qilinadi. Arizani rad qilishda undagi kamchiliklar koʻrsatilib, ariza beruvchiga xabar qilinadi. Ariza beruvchi mazkur kamchiliklarni bartaraf qilib qayta ariza yuborishi mumkin.
5. Ariza qabul qilingandan keyin nima qilinadi?
Onlayn ariza qabul qilingach, elektron portallar orqali bolani maktabga olib borish boʻyicha elektron navbat beriladi.
Ota-onalar yoki boshqa masʼul shaxslar elektron navbatda koʻrsatilgan muddatda bola bilan maktabga boradi, bunda bolaning sogʻligʻi toʻgʻrisida tibbiy maʼlumotnoma ham olib borish kerak. Maktabda 1-sinfga qabul qilish boʻyicha 5 kishidan iborat qabul komissiyasi tuziladi va ular bolani 1-sinfga qabul qilish bilan bogʻliq ishlarni rasmiylashtiradi.
6. Onlayn ariza bermaydigan hududlarda qabul qanday boʻladi?
Onlayn hujjat topshirmaydigan hududlarda har bir bola maktab tomonidan roʻyxatga olinadi. Ularning hujjatlari ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar tomonidan maktabga borib topshiriladi. Bunda quyidagi hujjatlar talab qilinadi:
- direktor nomiga ariza;
- bolaning sogʻligʻi toʻgʻrisida tibbiy maʼlumotnoma;
- bolaning 3,5 x 4,5 sm hajmdagi 4 dona rangli fotosurati.
7. 1-sinfga qabul uchun ham imtihon boʻladimi?
Umumiy qoidaga koʻra, bolalar 1-sinfga tayyorgarlik darajasidan qatʼi nazar, tanlovsiz qabul qilinadi. Ayrim istisnolar mavjud, masalan, musiqa va sanʼatga ixtisoslashtirilgan maktablarga qabul qilishda bolaning qobiliyati sinovdan oʻtkaziladi.
8. Oʻqish boshqa tilda olib boriladigan sinflar uchun suhbat oʻtkaziladimi?
Ha, oʻqish boshqa tilda (rus, ingliz) boʻladigan maktablarda bola bilan suhbat jarayonida bolaning tanlagan tilda boshlangʻich soʻzlashuv koʻnikmasiga ega ekanligi oʻrganiladi. Agar bola tanlagan tilda boshlangʻich soʻzlashuv koʻnikmasiga ega boʻlmasa, qabul komissiyasi bolani soʻzlashuv koʻnikmasiga mos sinfga yoki boshqa maktabga joylashtirish chorasini koʻradi. Bolaning boshqa tildagi koʻnikmasini oʻrganish boʻyicha savolnoma Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi rasmiy veb-saytida eʼlon qilinishi va har yili 20-iyungacha maktab binosiga osib qoʻyilishi shart.
9. Bolani maktabga qabul qilish rad etilishi mumkinmi?
Ha, mumkin. Qabul komissiyasi quyidagi holatlarda bolalarni maktabga qabul qilishni rad etishi mumkin:
- tibbiy maʼlumotnomada maktabda oʻqish tavsiya etilmagan boʻlsa;
- tanlagan tilda bola boshlangʻich soʻzlashuv koʻnikmasiga ega boʻlmasa;
- berilgan maʼlumotlar notoʻgʻriligi aniqlansa.
Boshqa holatlarda bolalarni maktabga qabul qilishni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi. Kamchiliklar bartaraf qilingach qayta hujjat topshirish mumkin.
10. Bolani biriktirilgan maktabdan boshqa maktabga joylashtirish mumkinmi?
Ha, mumkin. Maktablarning imkoniyatidan kelib chiqib mikrohududdan tashqaridan qoʻshimcha bolalar qabul qilinishi mumkin. Oʻquvchi oʻrniga nisbatan taʼlim olayotgan oʻquvchilar soni koʻp boʻlgan maktablarda mikrohududdan tashqaridan qoʻshimcha bolalar qabul qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Mikrohududdan tashqaridan bolalar 1-sinfga har yili 1–15-avgust kunlari qabul qilinadi. Ota-onalar yoki boshqa masʼullar yuqoridagi muddatda boʻsh joy boʻlgan maktablarni my.gov.uz yoki my.maktab.uz portallari orqali tanlab ariza yuboradi. Ariza 1 kunda koʻrib chiqilib, bola maktabga qabul qilish yoki rad etish haqida qaror qabul qilinadi.
Bola maktabga qabul qilinsa, ota-onalar yoki boshqa masʼullar bolaning sogʻligʻi haqidagi maʼlumotnomani avvalgi maktabdan olib yangi maktabga topshiradi. Rad qilingan taqdirda, oʻzi biriktirilgan hududdagi maktabga yoʻnaltiriladi. Onlayn hujjat topshirmaydigan hududlarda esa boshqa mikrohududdagi maktabga hujjat topshirish ota-onalarning maktabga shaxsan borishlari orqali amalga oshiriladi.